Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
0

Axborotdan foydalanuvchilarning O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi ochiq hay’at majlislarida va Agentlik hududiy bo‘limlarining ochiq yig‘ilishlarida hozir bo‘lish tartibi to‘g‘risidagi

NIZOM

Mazkur Nizom «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, axborotdan foydalanuvchilarning O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi (keyingi o‘rinlarda Agentlik deb yuritiladi) ochiq hay’at majlislarida va Agentlik hududiy bo‘limlarining (keyingi o‘rinlarda Hududiy hududiy bo‘lim deb yuritiladi)ning ochiq yig‘ilishlarida (keyingi o‘rinlarda Ochiq majlislar deb yuritiladi) hozir bo‘lishi tartibini belgilaydi.

1-bob. Umumiy qoidalar

1. «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining 7-moddasiga asosan, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to‘g‘risida axborot izlashni amalga oshirayotgan jismoniy yoki yuridik shaxs axborotdan foydalanuvchi hisoblanadi.

2. Mazkur Nizom talablari Agentlik va hududiy bo‘limlar tomonidan ochiq majlisda ishtirok etish uchun taklif etilgan shaxslarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

3. Agentlik va hududiy bo‘limlar:

mazkur Nizom asosida axborotdan foydalanuvchilarning ochiq majlislarida hozir bo‘lishi tartibini belgilashi;

ochiq majlislarda axborotdan foydalanuvchilarning hozir bo‘lishi uchun sharoitlar yaratishi lozim.

4. Agentlik hay’at majlislari va hududiy bo‘limlar yig‘ilishlari ochiq tarzda o‘tkaziladi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

5. Agentlik va hududiy bo‘limlar axborotdan foydalanuvchilarning tanishib chiqishlari uchun binoning hamma kirishi mumkin bo‘lgan xonalarida va (yoki) maxsus ajratilgan joylarida ochiq majlislarni o‘tkazish rejalari, shu jumladan majlislarning kun tartibi loyihalari, ular o‘tkaziladigan sana, joy va vaqt hamda boshqa zarur axborotlar axborot stendlari va (yoki) shunday maqsad uchun mo‘ljallangan texnik vositalarga majlis o‘tkazilishidan kamida uch kun oldin joylashtirishlari shart.

2-bob. Axborotdan foydalanuvchilarning ochiq majlislarda hozir bo‘lishi

6. Axborotdan foydalanuvchi Agentlik va hududiy bo‘limlar ochiq majlislarida hozir bo‘lish uchun Agenlik yoki tegishli hududiy bo‘limga so‘rov bilan murojaat qiladi. So‘rov «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining 20-moddasida belgilangan talablarga muvofiq rasmiylashtirilishi lozim.

Axborotdan foydalanuvchining identifikatsiyalash imkoniyatini beradigan ma’lumotlar ko‘rsatilmagan so‘rovlar anonim hisoblanadi va ko‘rib chiqilmaydi.

7. So‘rov kelib tushgan kuni u Agentlik yoki tegishli Hududiy bo‘lim tomonidan alohida maxsus jurnalda ro‘yxatga olinadi va zudlik bilan ko‘rib chiqiladi. Mazkur jurnal mas’ul kotib tomonidan yuritiladi.

8. So‘rovga asosan mas’ul kotib axborotdan foydalanuvchini ochiq majlislarda ishtirok etuvchilar ro‘yxatiga kiritadi hamda bu haqda axborotdan foydalanuvchiga ma’lum qiladi. Ochiq majlisning o‘tkazilish sanasi, vaqti yoki joyi o‘zgargan taqdirda, bu haqda axborotdan foydalanuvchiga ma’lum qilinadi.

9. Axborotdan foydalanuvchilar ochiq majlisiga shaxsini tasdiqlovchi hujjat asosida kiritiladi.

10. Axborotdan foydalanuvchi ochiq majlsga kelmagan taqdirda, mas’ul kotiblar tomonidan bu haqda maxsus jurnalga yozib qo‘yiladi.

11. Agentlik va hududiy bo‘lim o‘z imkoniyatlaridan hamda axborotdan foydalanuvchilar sonidan kelib chiqib, ochiq majlis o‘tkaziladigan zalda axborotdan foydalanuvchilar uchun joy tayyorlaydi. Axborotdan foydalanuvchilar ochiq majlis o‘tkaziladigan zalga maxsus jurnaldagi qayd etish ketma-ketligi asosida joylashtiriladi.

Axborotdan foydalanuvchilar sonining ko‘pligi sababli, ularni ochiq majlis o‘tkazilayotgan zalga joylashtirish imkoni bo‘lmagan taqdirda, ular ochiq majlisning borishini video tasvir orqali moneliksiz kuzatib borishlari mumkin bo‘lgan xonaga joylashtirilishi mumkin.

12. Agentlik va hududiy bo‘lim tomonidan o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib, axborotdan foydalanuvchilar ochiq majlisning borishini video tasvir orqali moneliksiz kuzatib borishlari mumkin bo‘lgan alohida xona jihozlab qo‘yilishi mumkin.

13. Axborotdan foydalanuvchilar ochiq majlis boshlangunga qadar belgilangan joyga yetib kelishi, ro‘yxatdan o‘tishi va belgilangan joyga o‘tirishi lozim. Axborotdan foydalanuvchilar raislik qiluvchi tomonidan majlis boshlanganligi e’lon qilingandan so‘ng kelgan taqdirda, kechikib kelgan hisoblanadi va majlisga qo‘yilmaydi.

14. Axborotdan foydalanuvchi Agentlik yoki tegishli hududiy bo‘lim tomonidan tasdiqlangan ochiq majlisning reglamentida belgilangan tartibda majlisda Hay’at a’zolariga (majlisga raislik qiluvchi shaxsga) savollar bilan murojaat qilish huquqiga ega.

15. Axborotdan foydalanuvchi tomonidan ochiq majlislar davomida ochiq majlis muhokamasiga taalluqli bo‘lmagan va ushbu majlisda muhokama qilinmagan masalalar bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirilgan yoki savollar bilan murojaat etilgan taqdirda, unga mazkur masala bo‘yicha axborot olish tartibi tushuntiriladi.

16. Axborotdan foydalanuvchi ochiq majlis o‘tkazilayotgan vaqtda tartibni buzmasligi shart. Axborotdan foydalanuvchi majlis o‘tkazilayotgan vaqtda tartibni buzgan taqdirda, raislik qiluvchi tomonidan ogohlantiriladi.

Axborotdan foydalanuvchi tartibni takroran buzgan taqdirda, u raislik qiluvchi tomonidan majlis o‘tkazilayotgan zaldan chiqarib yuboriladi. Mazkur holat yuzasidan mas’ul kotib dalolatnoma tuzadi va dalolatnoma raislik qiluvchi tomonidan imzolanadi.

17. Axborotdan foydalanuvchilarga ochiq majlisni fotosuratga, video tasvirga olishga hamda majlisda ovoz yozish vositalaridan foydalanishga ruxsat berilmaydi.

18. Majlis bayonnomasida ochiq majlisda hozir bo‘lgan axborotdan foydalanuvchilarning ishtiroki haqida tegishli ma’lumotlar ko‘rsatilishi lozim.

Yuklab olish (243 Kb)

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech