Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
17 Mart 2017 | Manba: O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi Axborot xizmati 145

Navro‘z - mehr-muruvvat, insonparvarlik, insonlarni ruhan birlashtiruvchi bayramdir. Barcha zamonlarda Navro‘z orqali xalqning ma’naviy dunyosi namoyish etilgan, turmush tarzi, orzu-o‘ylari, go‘zallikka, nafosatga bo‘lgan munosabatlari ifodalangan. Ushbu hosiyatli bayramni nishonlashning o‘ziga xos tomonlari mavjud bo‘lib, ular davrlar o‘tishi bilan mazmunan boyib, takomillashib kelmoqda. Bugun tashkilot, korxona va muassasalarda Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda. Mana shunday “Yuraklarga xush kelding, Navro‘z!” deb nomlangan tadbirlardan biri O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligida ham bo‘lib o‘tdi.

0075.JPG

Agentlik boshlig‘i V.Ismailov tadbirni ochar ekan, eng avvalo barcha yig‘ilganlarni bo‘sag‘adagi Navro‘z umumxalq bayrami bilan muborakbod etib, ushbu ayyomning xalqimiz ma’naviyatida qanday yuksak o‘rin tutishi to‘g‘risidagi o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

Shundan so‘ng yig‘ilganlarni ushbu bayram tadbirining ko‘tarinki ruhda o‘tishiga hissa qo‘shish uchun tashrif buyurgan hurmatli mehmon, Toshkent Davlat yuridik universiteti dotsenti, yuridik fanlar nomzodi Haydarali Muhamedov bilan tanishtirar ekan, tabrik uchun unga so‘z navbatini berdi.

0080.JPG

- Navro‘z bayrami munosabati bilan mamlakatlararo urush-janjallar to‘xtatilgan, urushganlar yarashgan, gina-qudratlar unutilgan, ota-ona, qarindosh-urug‘lar, keksalar, kasalmandlar sovg‘a-salom bilan yo‘qlangan, yangi kiyimlar kiyilgan, turli-tuman Navro‘z taomlari tayyorlangan, uy, hovli, ko‘chalar supurib-sidirilgan, katta-katta maydonlarda sayillar, o‘yin-kulgi, askiyabozlik, qo‘chqor, xo‘roz urushtirish, kurash, ko‘pkari o‘tkazilgan, teatr tomoshalari tashkil etilgan, - deydi Haydarali Muhamedov. - Odamlar bir-birlarinikiga mehmondorchilikka borishgan, yerga birinchi urug‘ qadash qo‘sh qo‘shish, shox moylash marosimlari nishonlangan. Xullas, Navro‘z bayrami milliy umumxalq bayrami sifatida juda katta tayyorgarlik va shodu xurramlik bilan o‘tkazib kelingan. Uning mazmunida kim Navro‘zni shodu xurramlik bilan kutib olsa va o‘tkazsa, kelgusi yil Navro‘z kelguncha uning hayoti xursandchiliklarga boy bo‘ladi degan g‘oya yotadi.

Ma’ruzachi, Navro‘z mehnat bayramidir. Bu kun dehqon yer chopib, ekin ekib, dehqonchilik faoliyatini boshlaydi. Navro‘z mehr-oqibat, insonparvarlik bayramidir. Navro‘z-muhabbat, sevgi, sadoqat bayrami. To‘rt ming yildan ziyod tarixga ega bo‘lgan Navro‘zi olam – sharqona yangi yil o‘zining yangilanish, bahor nafasini boshlab kelishi, xalqimizning tabiati, ongu tafakkuri, qalbi-shuuriga chuqur singib ketgani, har qaysi oila, har qaysi xonadonga shodu xurramlik olib kirishi bilan biz uchun eng qadrli, aziz va suyukli milliy bayram ekanligini qayd etdi.

0082.JPG

Ma’lumki, din hamisha insonlarni yaxshilikka, ezgu maqsadlarga chorlagan. O’zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti ta’kidlaganlaridek, islom dini bu ota – bobolarimiz dini, u biz uchun ham imon, ham axloq, ham diyonat, ham ma’rifatdir. Shu bois keyingi davrda musulmonlarning e’tiqodi va diniy hissiyotlaridan ustakorlik bilan foydalanib, diniy ekstremistlar va terrorchilar tomonidan islom bayrog‘i ostida amalga oshirilayotgan jinoyatlar ularning haqiqiy qiyofasini namoyon etmoqda. Ekstremistlar va terroristlarning g‘ayri insoniy va g‘ayri diniy harakatlari bizni doimo hushyor va ogoh bo‘lishga, haqiqiy diniy qadriyatlarni ularniing soxta va o‘ta g‘arazli talqinlaridan keskin farqlashga yordam beradigan bilimlarni egallashga undaydi.

Ma’naviy tadbir davomida “Ziyo” studiyasi tomonidan tasvirga olingan “Diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash” hujjatli filmi ham namoyish etilib, bayram kunlari har bir fuqaro xushyor va e’tiborliroq bo‘lishi ogohlantirildi.

Shu kunlarda Vatanimizning bepoyon hududlarida, shahar va qishloqlarida, so‘lim go‘shalarida Navro‘z sayillarini keksayu yosh – barcha yurtdoshlarimiz katta xursandchilik va baland ruh bilan o‘tkazayotgani buning yaqqol daragi va tasdig‘i bo‘lg‘ay, inshoollo. Barchamizning tilagimiz - Yaratganimizning o‘zi el-yurtimizga, har bir oila, har bir xonadonga fayzu baraka, baxtu saodat bersin, dasturxonimizni to‘kin, rizqimizni butun qilsin.

Navro‘z... Oftob ziyosidan yorishdi olam. Yomg‘irlar ko‘ngillar g‘uborin yuvdi. Bir zumda yasharib ketdi dunyolar... Navro‘z kelinchakday chiroyli, boychechakday nafis, kamalakday go‘zalsan! Navro‘z, baraka bayrami, hayot qo‘shig‘i, muhabbat faslisan, mehr mavsumi!Yuraklarga xush kelding, Navro‘z!

Tadbirda O’zbekiston Respublikasi MXXning mas’ul xodimi, Agentlik Hay’ati a’zolari, Markaziy apparat rahbar xodimlari, ADTRNTT Respublika markazi, “Avtodaryotrans-ilm” Davlat ilmiy-metodik markazi, Agentlikning Toshkent shahri va viloyati bo‘limlari xodimlari ishtirok etishdi.


Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech