Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
11 Avgust 2017 | Manba: O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi Axborot xizmati 261

Buxoro viloyatidagi «Ozod Obod trans» shu’ba xo‘jalik jamiyati lizingga 10 dona «Isuzu» avtobuslarini xarid qildi.

Erkin bozor iqtisodiyotiga asoslangan jamiyat qurishga qaratilgan ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy islohotlar jumladan avtotransport sohasida ham tadbirkorlik faoliyatiga keng yo‘l ochdi. Bosqichma-bosqich amalga oshirilgan mazkur islohotlar natijasida nodavlat sektorning yo‘lovchilar va yuklarni tashishdagi ulushi yil sayin ortib bormoqda. Bugungi kunda yo‘lovchilar tashishning qariyb 100 foizi va yuk tashishning 90 foizi xususiy tadbirkorlik sub’ektlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Xususiy sarmoya asosida tashkil etilib, bir necha yil ichida keng turdagi avtotransport xizmatlari ko‘rsatishni yo‘lga qo‘ygan yirik va zamonaviy salohiyatli korxonalar mamlakatimizning barcha hududlarida mavjud.

Buxoro shahridagi «1-avtokorxona» DUK tasarrufidagi «Ozod Obod trans» ShXJ va «Alibek trans invest» MChJ viloyatdagi ilg‘or korxonalar sirasidandir. Xususan, «Ozod Obod trans» ShXJ shahar ichida va shahar atrofida avtobuslarda yo‘lovchi tashish huquqini beruvchi litsenziyalarga ega bo‘lib, bir nechta yo‘nalishlarda aholiga transport xizmati ko‘rsatadi.

– Jamiyatimiz «1-avtokorxona» DUK qoshida 2015-yilda tashkil etilgan bo‘lib, yo‘lovchi tashishga ixtisoslashgan, – deydi korxona rahbari B.Tohirov. – 2017-yilning avvalida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 10-yanvardagi PQ-2724-sonli «Aholiga transport xizmati ko‘rsatish hamda shahar va qishloqlarda avtobuslarda yo‘lovchi tashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosi asosida ishlab chiqilgan tarmoq grafiklariga asosan 10 ta avtobus sotib olish bo‘yicha Samarqand avtobus zavodining Buxoro viloyatidagi dileri «Avtolend servis» MChJ bilan shartnoma imzolagan edik. «O’zsanoatqurilishbank» Buxoro mintaqaviy filialining 1 mlrd 332 mln so‘mlik lizing mablag‘i evaziga dastlabki 5 ta avtobusni iyun oyida, qolgan 5 ta avtobusni esa iyul oyida xarid qilib keltirdik.

Shu tariqa korxona o‘z transport parkini kengaytirib, xizmat sifatini oshirish uchun yaxshigina moddiy-texnik imkoniyatlarga ega bo‘ldi. Eng muhimi esa, avtotransport parkining kengaytirilishi natijasida ish o‘rinlari tashkil qilinib, malakali haydovchilar, ta’mirlovchi ustalarning ish bilan ta’minlanishiga zamin hozirlandi. Bundan ruhlangan MChJ rahbariyati yana bir nechta yangi avtobus sotib olishni rejalashtirmoqda.

Korxonada harakat xavfsizligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratiladi. Avtotransport vositalarini kundalik texnik ko‘rikdan, haydovchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun barcha shart-sharoit mavjud.

«Alibek trans invest» MChJ aholiga zamonaviy transport xizmati ko‘rsatishni tashkil etish maqsadida Samarqand avtobus zavodida ishlab chiqarilgan avtobuslar hisobiga o‘z parkini shakllantirish chora-tadbirlarini amalga oshirmoqda. Yaqinda korxona «Ipoteka bank» krediti hisobiga bir dona «Isuzu» avtobusi xarid qildi. MChJ rahbari A.Barnoevning aytishicha, shu bilan korxona parkidagi avtobuslar soni 3 taga yetib, ularning barchasi litsenziya varaqalari bilan ta’minlangan. Ayni paytda korxona avtobuslarni tender asosida yo‘nalishga joylashtirish, shu bilan birga, yangilarini sotib olish borasida rejalar tuzmoqda.


Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech