Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
30 Iyun 2017 | Manba: O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi Axborot xizmati 267

Hozirgi kunda dunyo miqyosida hal etilishi lozim bo‘lgan eng birlamchi masalalardan biri korruptsiya muammosidir. Shu bois unga qarshi kurash xalqaro miqyosga ko‘tarilib, jahon siyosatining muhim masalalaridan biriga aylandi. Binobarin, ushbu illat nafaqat islohotlar yo‘liga jiddiy to‘siq bo‘lishi, balki o‘tish davrida belgilangan maqsadlarga erishishga ham bevosita tahdid tug‘dirishi barchaga ma’lum.

Korruptsiyaga qarshi kurash sohasida xabardorligi darajasini oshirish va ularga axborot berish maqsadida joriy yilning 29-iyun kuni O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligida ““Xalqaro ofat” : muammo va yechim” mavzusiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

17.JPG

Unda, Agentlikning avtomobillarda tashuvlar xavfsizligini ta’minlanishini nazorat qilish boshqarmasi Boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari – bosh inspektor, yuridik fanlar doktori, professor Axtam Tursunovning ma’ruzasi tinglandi.

Ma’ruza davomida korruptsiya tushunchasining mazmuni, korruptsiyaga qarshi kurash tarixi, O’zbekistonda korruptsiya jinoyatlarining sabablari va uning oldini olish masalalari hamda korruptsiyaga qarshi kurash borasidagi xalqaro amaliyot haqida atroflicha axborotlar berildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni damda dunyoda ko‘plab jinoyatlarga sabab bo‘layotgan nafs balosi, ya’ni korruptsiya va poraxo‘rlik natijasida yiliga bir trillion dollarga teng pul o‘zlashtirilar ekan. Boz ustiga, korruptsiya muammolari bilan shug‘ullanuvchi “Transparency international” tashkilotining ma’lumotlariga qaraganda, poraxo‘rlik evaziga keltirilgan bu zarar hisoblanganda, o‘zga mulk va pulni o‘zlashtirish va bunga tegishli boshqa jinoiy harakatlar hisobga olinmagan,deydi ma’ruzachi. Xo‘sh, korruptsiya shunchalik xavf­li ekan, o‘zi nima u va uning mohiyati qanday degan savol tug‘ilishi tabiiy. Korruptsiya so‘zi ingliz tilidan tarjima qilinganda “sorruption” — pulga sotilish, buzilish, aynish degan ma’nolarni anglatadi. Korruptsiya bilan bog‘liq jinoyatlarga mansabdor shaxslarning o‘z vazifalarini suiiste’mol qilishlari va mansab soxtakorligi kabi holatlar kiradi. Ya’ni davlat xizmatchilarining, mansabdor shaxslarning o‘z mansab vakolatidan qasddan foydalanib, jinoyat olami vakillariga nomoddiy va moddiy jihatdan sotilishlari, pora olish, berish, vositachilik qilishlari va hokazolar… Shu sababli ham korruptsiya va poraxo‘rlikni bir so‘z bilan chinakamiga “Xalqaro ofat” deb atash mumkin.Xususan seminarda, tizim rahbar va xodimlarini mansab vakolatlarini suiste’mol qilishga yo‘l qo‘ymaslik, ularga normativ-huquqiy hujjatlarning mazmuni va ahamiyatini yetkazib borish, ularning o‘z kasbiga nisbatan mas’uliyat hissini oshirish, yuklatilgan vazifa va majburiyatlarni bajarishda halollik, xolislik, beg‘arazlik tamoyillariga rioya qilish, har qanday ko‘rinishdagi sansalorlik, o‘zibo‘larchilik, loqaydlik va boshqa salbiy holatlarga qat’iy chek qo‘yish va ularning oldini olish bo‘yicha tushuntirish ishlarini doimiy ravishda o‘tkazib borish yuzasidan zarur tavsiyalar berildi.

9.JPG


Muhtaram Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov o‘zining “O’zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida: xavf­sizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari” asarida korruptsiya va poraxo‘r­lik haqida to‘xtalib, “Jinoyatchilik va korruptsiyaning avj olishi davlatning konstituttsiyaviy asoslarini yemiradi, fuqarolarning huquq va erkinliklari jiddiy tarzda buzilishiga olib keladi. “Qonunlar va farmonlarni qabul qilishdan maqsad ularni chetlab o‘tishdir” degan mutlaqo yaramas qoida jamiyatning eng oddiy huquqiy tartibot va jamoat tartibini saqlab turish qobiliyatidan mahrum bo‘lishiga olib boradi”, deb ta’kidlaydi. Aytish joizki, mamlakatimizda hozirda ichki ishlar, prokuratura organlari va boshqa huquq-tartibot tizimlarida “Korruptsiya­ga qarshi kurash” bo‘limlari tuzilgan. Bu bo‘limlar ayni damda shu illatga qarshi kurashib, mustaqilligimizni mustahkamlashning muhim zamini bo‘lib xizmat qilmoqda.

Darhaqiqat, korruptsiyaga botgan mamlakatlarda yulg‘ich mulozimlarni jazoga tortib, poraxo‘rlikni butunlay yo‘qotish igna bilan quduq qazishdek o‘ta mashaqqatli ishdir. Shu boisdan ham bu xavfli illatlarning oqibatlarini yosh avlod ongiga singdirib borish, jamiyatda korruptsiya va poraxo‘rlikning batamom yo‘qolishiga zamin hozirlaydi.

Mazkur illatga qarshi kurashishda nafaqat davlat organlari, balki, jamiyat, umuman olganda esa, barcha birdek mas’ul bo‘lib, davlat organlari va fuqarolarning sa’y-harakatlarini birlashtirgan holdagina samarali natijalarga erishish mumkin.

Ma’ruza mavzu yuzasidan savol-javob va qizg‘in munozaralarga ulanib, yig‘ilganlar juda zarur ijtimoiy-huquqiy bilimlarga ega bo‘ldilar.

Tadbirda Agentlik Markaziy apparati, ATRNTT Respublika markazi, Avtodaryotrans-Ilm davlat ilmiy-metodik markazi, Agentlikning Toshkent shahri va viloyati hududiy boshqarmalari xodimlari ishtirok etishdi.


Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech