Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
14 Aprel 2017 | Manba: O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi Axborot xizmati 275

O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshlig‘i Vohidjon Ismoilov O’zbekiston Respublikasining 2014-yil 3-dekabrdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonuni ijrosi doirasida
13-aprel kuni Samarqand viloyatida bo‘lib, mahalliy tashuvchilar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

144.JPG

Agentlik boshlig‘i yig‘ilishni ochar ekan, avtotransport sohasini yanada rivojlantirish, muammo va takliflarni ochiq oydin gaplashish maqsadida yig‘ilganliklarini ta’kidladi.

Avvalo, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 10-yanvardagi «Aholiga transport xizmati ko‘rsatish hamda shaharlar va qishloqlarda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-2724-son qaroridan so‘z ochib, ushbu hujjat ijrosi doirasida Samarqand viloyatida amalga oshiriladigan ishlar, jumladan, viloyat aholisi uchun yangi avtobus va mikroavtobuslar xarid qilish, yangi avtostantsiya qurilishi, yangi yo‘nalishlarni ochish, yo‘lovchi tashish transportida yo‘lkirani naqd pulsiz to‘lash tizimini joriy etish kabi vazifalarga birma-bir to‘xtalib o‘tdi.

Shundan so‘ng uchrashuvda yig‘ilgan tadbirkorlar o‘z faoliyatlarida duch kelayotgan muammolar, shikoyatlar, sohani rivojlantirishga doir o‘z takliflari bilan murojaat etishdi.

172.JPG

Xususan, “Bulung‘ur avto yo‘lovchi trans» MChJ rahbari A.Axmedov yangi sotib olinayotgan avtobuslarni narxi oshganligi sabab, shahar atrofida harakatlanayotgan avtobuslarni tarifini oshirish hamda korxonani moddiy texnika bazasini shakllantirish maqsadida yer ajratish masalasi to‘g‘risida, ”Alishox trans servis” MChJ rahbari A.Raximov Samarqand avtomobil zavodida SAZ NP 21 rusumli avtobuslar o‘rniga SAZ NP 26 ishlab chiqarilayotgani, shuni inobatga olib, litsenziya varaqasi uchun davlat bojini pasaytirish, “Bagirbek transport servis” MChJ rahbari F.Haydarov hamda “Muruvvat ekspress” MChJ rahbari Sh.Tagievlar Samarqand shahrida yo‘nalishsiz taksilarga noqonuniy radioaloqa va onlayn taksi xizmatini ko‘rsatayotgan korxonalarga nisbatan qanday chora ko‘rilishi, “Akmal trans servis” MChJ rahbari A.Bagirov shahar va shahar atrofida harakatlanayotgan transport vositalarini yo‘nalishlaridagi yo‘llarni yaxshilash masalalari bo‘yicha o‘z savollari bilan murojaat qildilar.

Agentlik boshlig‘i barcha savollarga batafsil javob berdi, qator masalalar shu yerning o‘zida hal etildi. Hududiy bo‘limning vakolatlari doirasida yechim topish mumkin bo‘lgan masalalar yuzasidan bo‘lim mutasaddilariga vazifalar topshirildi. Respublika miqyosidagi boshqa tashkilot va muassasalar yordamida bartaraf etiladigan muammolarga doir barcha savollarni esa V. Ismoilov alohida belgilab olib, o‘rnatilgan tartibda ko‘maklashishga va’da berdi.

Qabul yakunida bu kabi uchrashuvlar kelgusida ham muntazam ravishda tashkil etilishi, shuningdek tashuvchilar o‘z muammo va takliflari yuzasidan O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining 202-22-55 raqamli “ishonch telefoni” va “Agentlik boshlig‘ining virtual qabulhonasi” Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilishlari mumkinligi yana bir karra eslatib o‘tildi.

Sayyor qabul so‘nggida Agentlik boshlig‘i V.Ismoilov barcha yig‘ilish qatnashchilariga kelgusi ishlariga omad, oilasiga tinchlik omonlik hamda sixat salomatlik tiladi.


Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech