Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
5 Mart 2018 | Manba: O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi Axborot xizmati 498

O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligida korruptsiyaga qarshi kurash doirasida o‘tkazilgan yig‘ilishda pora olayotganida qo‘lga olingan farg‘onalik inspektorning qilmishi muhokama qilindi.

Videoselektor ko‘rinishida tashkil etilgan ushbu tadbirda Toshkent Davlat yuridik universiteti dotsenti, yuridik fanlar nomzodi N.Rajabov ma’ruza qilib, korruptsiyaga qarshi kurashish – mamlakatimizda jadal sur’atlarda olib borilayotgan huquqiy islohotlar sharoitida inson va fuqarolarning huquq va erkinliklarini samarali himoya qilishning muhim vositalaridan biri ekanligini ta’kidladi.

0355.JPG

O’zbekiston Respublikasining «Korruptsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonuni davlat organlari faoliyatining ochiqligini va hisobdorligini ta’minlash, davlat boshqaruvi tizimining samaradorligini oshirish, davlat organlari, mansabdor shaxslarning o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishi yuzasidan mas’uliyatini kuchaytirishga, korruptsiyaga qarshi kurashish sohasida parlament va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish maqsadlariga xizmat qilmoqda.

Qonunda korruptsiya, korruptsiyaga oid huquqbuzarlik, manfaatlar to‘qnashuvi kabi iboralarning mazmuni huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yildi.

Qonun asosida Prezidentning 2017-yil 2-fevraldagi «Korruptsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Bu boradagi barcha ishlar 2017-2018-yillarga mo‘ljallangan maxsus Davlat dasturi doirasida amalga oshirilmoqda. Mazkur hujjatlar o‘z mazmun mohiyati, maqsadi bilan mamlakatimizda korruptsiyaga qarshi kurashning yangi bosqichini boshlab berdi.

O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi va uning hududiy boshqarmalarida davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korruptsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish hamda korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ularga chek qo‘yish, ularning oqibatlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

0354.JPG

Biroq, taassufki, guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, nafs qutqusiga uchib davlat xizmatchisi degan nomga dog‘ tushirayotganlar ham uchrab turadi. Chunonchi, fevral oyida Agentlikning Farg‘ona viloyati boshqarmasining yetakchi inspektori S.Tojiboevning qilmishi tizimda mehnat qilayotgan barchaning sha’niga soya soladigan ish qildi: u boshqa bir inspektor tomonidan rasmiylashtirilgan ma’muriy bayonnomani sudga chiqarmaslik va jarima maydonida saqlanayotgan avtotransport vositasini olib chiqib berish evaziga avtoulov egasidan 240 ming so‘m va 50 AQSh dollari talab qilib, pora olayotgan chog‘ida huquqni himoya qilish organlari vakillari tomonidan qo‘lga olindi. Bugungi kunda S.Tojiboev bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan, unga nisbatan surushturuv-tergov ishlari olib borilmoqda.

Yig‘ilishda «Tojiboev ishi» keskin qoralandi. So‘zga chiqqanlarning barchasi uning mamlakatimiz qonunchiligi va kasb odobi qoidalariga butkul xilof bo‘lgan bu qilmishini kechirib bo‘lmasligini ta’kidladilar.

Tadbirda har bir hududiy boshqarma rahbariyatiga huquq-tartibot organlari bilan hamkorlikda hududiy boshqarmaning barcha xodimlari bilan doimiy ravishda profilaktika ishlarini olib borish, ayniqsa inspektorlarning kunlik ish faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish, kelgusida bu kabi salbiy holatlarning oldini olish choralarini ko‘rish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.


Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech