Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
26 Yanvar 2018 | Manba: O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi axborot xizmati 419

“O’zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy” avtomobil yo‘lagini shakllantirish hamda ushbu mamlakatlar o‘rtasida xalqaro avtomobil tashuvlar sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida, joriy yilning 22-yanvaridan 25-yanvariga qadar Toshkent shahrida yig‘ilishlar o‘tkazildi.

22-yanvar kuni O’zbekiston Respublikasi Hukumati va Qirg‘iziston Respublikasi Hukumati o‘rtasida 1996-yil 4-sentabrdagi xalqaro avtomobil qatnovlari to‘g‘risidagi Bitimni amalga oshirish doirasida o‘zbek-qirg‘iz vakolatli organlarining xalqaro avtomobil qatnovlari masalalariga doir yig‘ilishi o‘tkazilgan bo‘lsa, 23-yanvar kuni O’zbekiston Respublikasi Hukumati va Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati o‘rtasida 2017-yil 12-maydagi xalqaro avtomobil qatnovlari to‘g‘risidagi Bitimning 18-moddasiga muvofiq O’zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasining xalqaro avtomobil qatnovlari masalalari bo‘yicha ekspertlarning birinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

24-25-yanvar kunlari O’zbekiston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi Hukumatlari o‘rtasida 1998-yil 19-fevraldagi xalqaro avtomobil qatnovlari to‘g‘risidagi Bitimni amalga oshirish bo‘yicha navbatdagi uchtomonlama yig‘ilish o‘tkazildi.

Tadbir davomida tomonlar xalqaro avtomobil qatnovlari sohasida ikkitomonlama va ko‘ptomonlama hamkorlikning bugungi kundagi xolati to‘g‘risida fikr almashdilar. Mazkur sohada imzolangan Bitimlarning amalga oshirilishini muhokama etib, 2018-yilda yuklarni tashish uchun ruxsatnoma blankalarini almashish bo‘yicha dastlabki kvotalarni kelishib oldilar va ushbu uch davlat hududlari bo‘ylab xalqaro avtomobil qatnovlarini amalga oshirish bilan bog‘liq amaliy masalalarni ko‘rib chiqdilar.

I. Qirg‘iz delegatsiyasi bilan ikkitomonlama yig‘ilish davomida ikki mamlakat o‘rtasida avtobusda muntazam yo‘lovchilar tashishlarini tashkil etish masalalari muhokama etildi. Quyidagi muntazam avtobus yo‘nalishlari, ularni ishga tushirish uchun zarur jarayonlarni bajarish yo‘li bilan tiklash to‘g‘risida ahdlashuvga erishildi:

1. “Toshkent –Bishkek” (“G’isht–Ko‘prik”/“Jibek Joli” o‘tish punktlari orqali);

2. “Andijon – O’sh” (“Do‘stlik”/“Dostuk” o‘tish punktlari orqali);

3. “Farg‘ona – O'sh” (“O’zbekiston”/ “Qizil-Qiya” o‘tish punktlari orqali).

II. Xitoy delegatsiyasi bilan ikkitomonlama yig‘ilish davomida ikki mamlakat o‘rtasida xalqaro avtomobilda yuk tashishlarini amalga oshirish uchun ruxsatnoma blankalarini o‘zaro almashishni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida kelishildi. Shuningdek, O’zbekiston va Xitoy o‘rtasida xalqaro
avtomobil tashishlarini amalga oshirishda ikki tomon ham yuqori darajadagi keng imkoniyatlar tarafdorlari ekanligi ta’kidlandi.

Milliy avtotashuvchilar uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida, O’zbekiston Respublikasi avtotransport vositalari Xitoy Xalq Respublikasi hududi bo‘ylab yuklar tashishni erkin amalga oshirishlari mumkinligi to‘g‘risida kelishildi.

III. Uchtomonlama yig‘ilish doirasida, “O’zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy” avtomobil yo‘lagi tashqi savdo yo‘nalishlarining diversifikatsiyasi nuqtai nazaridan, muhim ahamiyatga ega ekanligi hamda Tomonlar davlatlari o‘rtasida va ular hududlari bo‘ylab yuklarni tranzit tashish muddatlarining sezilarli darajada qisqarishi ta’kidlandi.

Tomonlar, 2017-yilning 30-oktabridan 3-noyabrigacha “Toshkent – Andijon – O'sh – Irkeshtom – Qashg'ar” yo‘nalishi bo‘yicha sinov tariqasida o‘tkazilgan xalqaro avtokarvonni muvaffaqiyatli o‘tganligini olqishladilar. Mazkur avtopoygada 9 ta yuk avtotransport vositalari (har tomondan 3 tadan) ishtirok etib, ushbu yo‘nalish bo‘yicha muntazam avtomobilda yuk tashishlari tashkil etilishining iqtisodiy samaradorligini tasdiqladilar.

Tadbirlar yakuni bo‘yicha yig‘ilish Bayonnomalari imzolandi.

0137.jpg

0273.jpg

0215.jpg

0223.jpg


Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech