Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
10 Mart 2017 | Manba: O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi Axborot xizmati 70

2017-yil 10-mart kuni O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligida O’zbekiston Respublikasining «Ichki suv transporti to‘g‘risida»gi qonuni loyihasining muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Davra suhbati davomida ishchi guruh a’zolari tomonidan daryo transporti faoliyatini tartibga keltiruvchi asosiy me’yoriy hujjat – qonun loyihasining mazmuni, uning tuzilishi hamda uni amalga to‘laqonli tatbiq etish uchun ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan qonunosti hujjatlari, qonun loyihasini ishlab chiqish davomida o‘rganilgan xalqaro tajriba, ya’ni mazkur sohaga oid xalqaro hujjatlar, xorijiy davlatlarning ichki suv transporti bo‘yicha qonunlarining mazmuni va o‘ziga xos xususiyatlari kabi masalalar muhokama qilindi.

Ishchi guruh a’zolari «Ichki suv transporti to‘g‘risida»gi qonun loyihasi qonunchilik rivojining zamonaviy tendentsiyalariga muvofiq bo‘lishi, xususan, uning normalari mukammal bo‘lishi va huquqni qo‘llash amaliyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi, boshqa me’yoriy hujjatlarga imkon boricha kamroq havola qilinishi maqsadga muvofiq bo‘lishi, qonunning o‘zida suv transporti faoliyatini tartibga soluvchi va boshqaruvchi vakolatli davlat organlarining vazifalari va funktsiyalari aniq belgilab qo‘yilishi lozimligi kabi takliflarni ilgari surishdi. Davra suhbati ishtirokchilari qonun loyihasini yanada mukammal bo‘lishi uchun o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdilar.

Aytish joizki, qonun loyihasi manfaatdor vazirliklar va idoralarning tegishli mutaxassislari bilan hamkorlikda, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professor-o‘qituvchilari tomonidan tashkil etilgan ishchi guruh ishtirokida ishlab chiqilgan.


Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech