Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
20 Iyun 2018 | Manba: O’zbekiston avtomobil transporti agentligi Axborot xizmati 249

19-iyun kuni O’zbekiston avtomobil transporti agentligida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 9-iyundagi 434-sonli “O’zbekiston Respublikasida avtomobil transportini boshqarish tizimini takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyati, shuningdek, maqsadli rejalarga bag‘ishlangan videoselektor bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda dastlab Agentlik boshlig‘i D.Dexkanov Prezidentimizning PQ-2724-sonli “Aholiga transport xizmati ko‘rsatish hamda shaharlar va qishloqlarda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va joriy yil 6 martdagi PQ-3589-sonli “Avtomobil transportini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlarining ijrosi haqida batafsil ma’lumot berib, amalga oshirilgan ishlarni tanqidiy tahlil qildi.

– PQ-2724-sonli qarorga asosan ishlab chiqilgan tarmoq jadvali ijrosi o‘ta sustkashlik bilan bajarilayotgani achinarlidir. Ayniqsa, yo‘lovchi tashish mexanizmi noto‘g‘ri tashkil etilgan. Xususan, tender bo‘yicha tashkil etilgan yo‘nalishlarda avtobuslar qatnovi talab darajasida emasligi, avtobuslarning yo‘nalishlarga vaqtida chiqmasligi, avtovokzal va avtostantsiyalarning ish jarayoni nazoratsiz ekanligi ish to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmaganligidan dalolat beradi, – dedi, jumladan, Agentlik boshlig‘i.

Holbuki, ushbu kamchiliklarni bartaraf etish va avtotransport sohasini yanada rivojlantirish, sohaga innovatsion axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etgan holda avtotransport boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Prezidentimizning joriy yil 6-martdagi PQ-3589-sonli qarori imzolandi.

PQ-3589-sonli qarorda aniq vazifalar berilganki, bu topshiriqlar bosqichma-bosqich va mas’uliyat bilan bajarilsa, avtotransport sohasi zamon talabi darajasiga chiqariladi. Xususan, qaror ijrosini ta’minlash maqsadida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 9-iyundagi 434-sonli “O’zbekiston Respublikasida avtomobil transportini boshqarish tizimini takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, shahar yo‘lovchi transportini boshqarish bo‘yicha maxsus vakolatli organlar va departamentlar Agentlikning tegishli hududiy boshqarmalariga birlashtiriladi, shuningdek, 4 ta yo‘nalish bo‘yicha mutaxassislar bilan qo‘shimcha ravishda to‘ldirish chora-tadbirlari ko‘riladi.

Bundan tashqari, Agentlikka 2019-yilning II yarmidan boshlab avtovokzallar va avtostantsiyalar faoliyatini boshqarish va tartibga solish yuzasidan markazlashgan tizimning amaliy ishlash mexanizmini ishlab chiqish va joriy etish, mahalliy davlat hokimiyati organlari qaramog‘idagi umumiy foydalanish yo‘lovchilar yo‘nalishlaridagi oraliq to‘xtash bekatlarini xatlovdan o‘tkazish, yangi to‘xtash bekatlarini qurish, mavjudlarini rekonstruktsiya qilish va ta’mirlashga bo‘lgan ehtiyojlarni aniqlash vazifasi yuklatilgan.

Qarorda shuningdek, sohani rivojlantirishga qaratilgan vazifa va funktsiyalar aniq qayd qilingan.

Jumladan, qarorning 1 ilovasiga muvofiq Agentlikning yangi Nizomi tasdiqlandi. Nizomga axborot-kommunikatsion texnologiyalarni va innovatsion yondashuvlarni keng qo‘llagan holda yangi boshqaruv tizimlarini joriy etish, avtomobil transporti sohasida yagona texnika siyosatini yuritish, avtovokzallar va avtostantsiyalar faoliyatini markazlashgan holda boshqarish va muvofiqlashtirish tizimini, aholiga real vaqt tarzidagi ma’lumotlar xizmatining keng ko‘lamli ro‘yxatini taqdim etilishi ustidan markazlashgan nozimlik boshqaruvi va nazorati tizimini joriy etish, yangi muntazam xalqaro avtobus yo‘nalishlarini ochish bilan sohani rivojlantirish kabi muhim vazifa va funktsiyalar kiritildi.

Shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligidan Nukus avtomobil-yo‘llar xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejini, Andijon transport va xizmatlar ko‘rsatish kasb-hunar kolleji hamda Samarqand avtomobil-yo‘llar kasb-hunar kolleji “O’zavtotrans” agentligiga o‘tkazildi.

Videoselektor so‘ngida Agentlik boshlig‘ining joriy yil 30-maydagi 314-sonli shahar yo‘lovchi transportini boshqarish bo‘yicha maxsus vakolatli organlar va departamentlarni Agentlikning tegishli hududiy boshqarmalariga birlashtirish haqidagi buyrug‘i ijrosi yuzasidan hududiy boshqarmalar boshliqlarining hisobotlari tinglandi va kerakli vazifalar belgilab berildi.


Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech