Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
21 Iyun 2017 | Manba: O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi Axborot xizmati 203

Har bir qonun yaxshilikni ko‘zlab, ezgu maqsadda qabul qilinadi. Ayrim qonunlar o‘z mazmun-mohiyatiga ko‘ra davlat va jamiyat taqdiri, xalq kelajagi, har birimizga daxldor bo‘ladi. Milliy parlamentimiz tomonidan qabul qilinib, 3-yanvar kuni Prezidentimiz tomonidan imzolangan «Korruptsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonun ana shunday tarixiy ahamiyatga ega hujjatlardan biridir.

Korrupsiya nima? Bu haqda hammaning o‘ziga xos tasavvuri va albatta tushunchasi bor. “ Korrupsiya — shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek, bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etish»dir.

Korrupsiyaga qarshi kurash sohasida xabardorlik darajasini oshirish va u haqida axborot berish maqsadida joriy yilning 20-iyun kuni O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligida “O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 2-fevral kuni tasdiqlangan PQ-2752-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida “Korrupsiya – tarraqqiyotga g‘ov” mavzusiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda, Toshkent viloyati korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash bo‘limi, katta tezkor vakili Ilyos Usenovning ma’ruzasi tinglandi.

- Dunyoda korrupsiyaning turi ham, tavsifi ham juda ko‘p. Uning kelib chiqish sabablarini ochish, unga qarshi kurashishning samarali yo‘llarini topish bo‘yicha olimlar, turli institutlar va xalqaro tashkilotlar tomonidan yuzlab, minglab tadqiqotlar o‘tkazilmoqda, - dedi Ilyos Usenov. Turli ko‘rsatkich va raqamlar aks etgan jadvallar yaratilgan, o‘ziga xos reytinglar tuzilgan. Hatto korrupsiyaning xilma-xil formulalari ham ishlab chiqilgan. Bu boradagi ishlar va izlanishlar izchil davom etmoqda.

Shu o‘rinda, ma’ruzachi, korrupsiya so‘zi «sotish», «sotilish» degan ma’nolarni ham anglatishini aytib, rahbar yoki mas’ul kishi qanday qilib korrupsiyaga qo‘l uradi? Bunga qanday omillar sabab bo‘ladi?.. kabi savollarga har xil misollar keltirib javob berdi. Lekin shunisi aniqki, sotadigan, sotiladigan odam hech bir vazifani ko‘ngildan bajarmasligini hamda korrupsiyaga aloqador odam qonunni buzishidan tashqari, o‘zining kimligini, e’tiqodi, ma’naviyati qay darajada ekanini oshkor qiladi. Bunday odam nafaqat moliyaviy ziyon-zahmat yetkazadi, balki davlatni, demokratiyani behurmat qilib, obro‘sini to‘kadi, unga non-tuz berib katta qilgan, ilmu hunar, obro‘ va mansab bergan el-yurtning yuziga oyoq qo‘yadi, deya ta’kidladi.

Tadbir davomida korrupsiya tushunchasining mazmuni, korrupsiyaga qarshi kurash tarixi, O’zbekistonda korrupsiya jinoyatlarining sabablari va uning oldini olish masalalari hamda korrupsiyaga qarshi kurash borasidagi xalqaro amaliyot haqida atroflicha axborotlar berildi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, mamlakatimizda mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq mazkur illatga qarshi kurashish masalasiga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Bugungi kunga kelib respublikamizda korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olishning mustahkam huquqiy bazasi va aniq tizimi shakllandi. Qarindosh-urug‘chilik, tanish-bilishchilikdan davlat va jamiyat manfaatlariga ziyon yetmasligi, qonunlarga, insonning qadr-qimmatiga raxna solinmasligi kerak. Qandaydir manfaat ortidan bog‘langan rishta, do‘stlik, aka-ukachilik uzoqqa cho‘zilmaydi, hech kimga hurmat olib bermaydi. Bunga hayotdan ko‘plab misollar topish mumkinligi aytib o‘tildi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, korrupsiyaga qarshi kurashish davlat va jamiyatning o‘zaro jipsligi talab etiladi. Zero, bu yo‘nalishda olib borilayotgan islohotlar fuqarolar tomonidan ham faollik ko‘rsatilsagina, ko‘zlangan natijani berishi mumkin.

Tadbir davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javoblar olishdi.

Tadbirda Agentlik Markaziy apparati, ATRNTT Respublika markazi, Avtodaryotrans-Ilm davlat ilmiy-metodik markazi, Agentlikning Toshkent shahri va viloyati hududiy boshqarmalari xodimlari ishtirok etishdi.


Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech