Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
31 Avgust 2017 | Manba: O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi Axborot xizmati 106

Taraqqiyot yo‘liga jiddiy to‘siq bo‘lib, jamiyat rivoji, sohalar yuksalishiga bevosita tahdid tug‘diradigan asosiy illat bu – korruptsiyadir. Shu bois mamlakatimizda mustaqillikning ilk yillaridan eski tuzum orqali o‘tgan asrda qonlarga qo‘shilgan bu dardga qarshi kurash choralarini kuchaytirish, uni tag-tomiri bilan yo‘qotish, bu boradagi huquqiy asoslarni yanada mustahkamlashga jiddiy e’tibor qaratilib kelinmoqda.

Korrupsiyaga aloqador odam qonunni buzishidan tashqari, o‘zining kimligini, e’tiqodi, ma’naviyati qay darajada ekanini oshkor qiladi. Bunday odam nafaqat moliyaviy ziyon-zahmat yetkazadi, balki davlatni, demokratiyani behurmat qilib, obro‘sini to‘kadi, unga non-tuz berib katta qilgan, ilmu hunar, obro‘ va mansab bergan el-yurtning yuziga oyoq qo‘yadi.

0052.JPG

Bejiz emaski, muhtaram yurtboshimiz ushbu muammoga doimo katta ahamiyat berib kelmoqdalar va mamlakatimiz hayotiga tahlika solayotgan turli xavf-xatarlar haqida gap yuritib, birinchi galda amaldorlar orasidagi korruptsiya, poraxo‘rlik, tamagirlik kabi jinoyatni ichidan yemiradigan, yaramas illatlarni yo‘q qilishga alohida e’tibor berish zarurligini bir necha bor ta’kidlab o‘tmoqdalar.

Korrupsiyaga qarshi kurash sohasida xabardorligi darajasini oshirish va ularga axborot berish maqsadida joriy yilning 30-avgust kuni O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligida “Korruptsiyaga qarshi kurash – davr talabi” mavzusiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda, O’zbekiston Respublikasi “Ma’naviyat targ‘ibot markazi”ning huquqiy targ‘ibot bo‘limi boshlig‘i, yuridik fanlar doktori Gulchehra Matkarimovaning ma’ruzasi tinglandi.

- Korrupsiyaga qanday omillar sabab bo‘ladi?.. Bu savollarga javob har xil bo‘lishi mumkin. Lekin shunisi aniqki, sotadigan, sotiladigan odam hech bir vazifani ko‘ngildan bajarmaydi, - deydi Gulchehra Matkarimova. Korrupsiyaga aralashgan, bu jirkanch illatga qo‘l urgan odam uchun ulug‘ narsalar, mo‘‘tabar tuyg‘ularning qadri yo‘qoladi. Bunday odamlar hayotda hamma narsani sotib olish va sotish mumkin, deb o‘ylaydi. Ular hech kimga, iymon-e’tiqodga ishonmaydi, ayni paytda bunday kimsalarga hayot uchun aziz sanaladigan hech narsani ishonib bo‘lmaydi. Chunki ular ota-onasi, qarindosh-urug‘lari, yoru birodarlari, mahalla-ko‘yning yuzini yerga qaratishdan, boshini egishdan uyalmaydi.

0053.JPG

Ma’ruzachi, qarindosh-urug‘chilik, tanish-bilishchilikdan davlat va jamiyat manfaatlariga ziyon yetmasligi, qonunlarga, insonning qadr-qimmatiga raxna solinmasligi, qandaydir manfaat ortidan bog‘langan rishta, do‘stlik, aka-ukachilik uzoqqa cho‘zilmasligini, hech kimga hurmat olib bermasligini, bunga hayotdan ko‘plab misollar topish mumkinligini aytib o‘tdi.

Dunyo kun sayin, soat sayin rivojlanyapti. Davlatlar va xalqlar o‘rtasidagi hamkorlikning tezkor, yangidan-yangi ufqlari ochilyapti, milliy iqtisodiyotlar o‘zaro chambarchas bog‘langan holda yuksalmoqda, taraqqiy etmoqda. Bugun har qanday davlat boshqa davlatlar bilan izchil hamkorlik qilmasdan, oqilona investitsiya va resurslarga tayanmasdan, jahonga chiqmasdan, ayni paytda dunyoga eshiklarini keng ochmasdan, odamlar bemalol ishlaydigan ishonchli makonga aylanmasdan yuqori natijalarga erisholmaydi.

Tadbirda Gulchehra Matkarimova barcha yig‘ilganlarni Mustaqilligimizning 26 yilligi bilan muborakbod etib, aynan bu yil “Fidoying bo‘lgaymiz seni, O’zbekiston” shiori ostida o‘tayotganligini aytib, Mustaqillik kuni mamlakatimiz istiqlolga erishgan, jahon xaritasida yangi, mustaqil va suveren davlat – O’zbekiston Respublikasi paydo bo‘lgan, xalqimizning asriy orzu-intilishlari ro‘yobga chiqqan buyuk tarixiy sana bo‘lib, el-yurtimiz tomonidan eng ulug‘, eng aziz bayram sifatida doimo katta shodu xurramlik bilan nishonlanib kelayotganini ta’kidlab o‘tdi

Ma’ruza mavzu yuzasidan savol-javob va qizg‘in munozaralarga ulanib, yig‘ilganlar juda zarur ijtimoiy-huquqiy bilimlarga ega bo‘ldilar.

Tadbirda Agentlik Markaziy apparati, ATRNTT Respublika markazi, Avtodaryotrans-Ilm davlat ilmiy-metodik markazi, Agentlikning Toshkent shahri va viloyati hududiy boshqarmalari xodimlari ishtirok etishdi.


Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech