Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
27 Aprel 2017 | Manba: O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi Axborot xizmati 367

Joriy yilning 26-aprel kuni O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligida O’zbekiston Respublikasida avtomobilda xalqaro tashuvlarni yanada rivojlantirish, ushbu sohadagi mavjud muammolarni o‘rganish va ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq takliflarni ishlab chiqish maqsadida Agentlik boshlig‘i V.Ismoilov raisligida “Davra suhbati” o‘tkazildi.

Unda manfaatdor vazirlik va idoralar vakillari (Tashqi ishlar vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Ichki ishlar vazirligining yo‘l harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasi, O’zbekiston xalqaro avtomobilda tashuvchilar uyushmasi, “O’zavtosanoat” AJ va uning tarkibidagi korxonalar) va respublikaning yirik milliy xalqaro tashuvchilari (30 dan ziyod avtotransport korxonalari rahbarlari) ishtirok etishdi.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-fevral PF-4947-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2017-2021-yillarda O’zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 145 bandiga asosan Tashqi savdo vazirligi tomonidan ishlab chiqilayotgan “Tashqi savdo yo‘nalishlarini diversifikatsiyalash va ularning xalqaro infratuzilmalari bilan integratsiyalashuvi to‘g‘risida”gi O’zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasiga takliflar ishlab chiqish.

“Davra suhbati”da bugungi kunda avtomobilda xalqaro tashuvlar sohasida olib borilayotgan islohatlar, shu jumladan milliy avtotashuvchilarning mamlakat tashqarisida erkin harakatlanishini ta’minlashga xizmat qiladigan huquqiy asoslarni yaratish borasida olib borilayotgan ishlar va respublikaning avtotransport parkini xalqaro standartlarga javob beradigan avtomobillar bilan yangilash maqsadida «MAN» rusumli katta hajmli yuk avtotransport vositalarini ishlab chiqarilishi, milliy tashuvchilarimiz imkoniyatlarini yanada kengaytirib, raqobat bozorida ularning mavqeini mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlab o‘tildi.

Ana shularni e’tiborga olgan holda o‘z faoliyatlarini talablar darajasida shakllantira olgan 360 ga yaqin milliy transport kompaniyalari avtomobilda xalqaro yuk tashuvlarini amalga oshirib, respublikamizning eksport mahsulotlarini jahon bozoriga yetkazib berishda o‘z hissalarini qo‘shib kelmoqdalar.

Shuningdek, Agentlik boshlig‘i V.Ismoilov avtomobilda xalqaro tashuvlar sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoni o‘z ijobiy natijalarini bermoqda, lekin bu borada hali imkoniyatlar ko‘lami juda keng va ulardan unumli foydalanish yo‘lida samarali ishlar davom ettirilishini ma’lum qildi.

“Davra suhbati” davomida milliy avtotransport korxonalari uchun muhim va dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan, ya’ni “Qamchiq” dovoni orqali yuklarni tashishda yuk avtotransport vositalariga foydalanish muddati bo‘yicha o‘rnatilgan cheklov, Turkiya va Eron davlatlari hududi bo‘ylab xalqaro yuk tashuvlarini amalga oshirishdagi to‘lovlar, avtomobil transportida O’zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali o‘tkaziladigan tovarlar va transport vositalari to‘g‘risida davlat bojxona xizmati organlarini elektron tarzda oldindan xabardor qilish jarayoni, chegara bojxona postlarining o‘tkazish qobiliyatining pastligi va xalqaro avtomobil parklarini yangilash bilan bog‘liq turli muammoli masalalar ko‘tarildi.

Tadbir yakuniga ko‘ra, milliy tashuvchilarimizning eksport-import yuklarini tashilishidagi ulushini oshirish, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, mamlakatimizda mazkur sohani yanada rivojlantirish va respublika byudjetiga tushadigan valyuta tushumlarini ko‘paytirish maqsadida, barcha muhokama etilgan masalalar umumlashtirildi va ularning yechimi bo‘yicha taklif-tavsiyalar ishlab chiqildi.


Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech