Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
2 May 2017 | Manba: O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi Axborot xizmati 333

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 10-yanvardagi “Aholiga transport xizmati ko‘rsatish hamda shaharlar va qishloqlarda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2724-son qarorida 2018 yil 1 iyulgacha bo‘lgan muddatda Nukus shahri va viloyatlar markazlarida shahar yo‘lovchilar tashish transportida yo‘lkirani naqd pulsiz to‘lash tizimini bosqichma-bosqich joriy etish belgilangan. Joriy yil 1-may, dushanba kuni ushbu tizim mamlakatimizda ilk bor Andijon shahrida rasman ishga tushirildi.

0256.jpg
Andijon shahri yo‘lovchi avtobuslarida yo‘l haqini elektron kartalar orqali to‘lash tizimining rasman ishga tushirishi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali marosimda viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov yurtimizda barcha jabhalarda amalga oshirilayotgan ulkan o‘zgarishlarni yuksak baholab, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini izchil tatbiq etish orqali avtotransport sohasining taraqqiy etishi xalqimizning turmush sifatini yanada yaxshilashga xizmat qilishini ta’kidladi.

Jamoat transportida yo‘lkirani plastik kartalar orqali to‘lash tizimini joriy etish aynan Andijon shahridan boshlangani bejiz emas. Andijonliklar – ilg‘or, zamon bilan hamnafas, yangilikka o‘ch xalq, qolaversa shaharda zarur infratuzilmalar yaxshi rivojlangani tizimning barcha afzalliklariyu kamchiliklarini tez ilg‘ash imkonini berishi tayin edi.

0086.jpg

Shahar avtobuslarida yo‘lovchilar bilan naqd pulsiz hisob-kitob qilish tizimi dastlab test rejimida qo‘llanilganini qayd etish joiz. Viloyat markazida qatnovchi 50 ta avtobus terminal(validator)lar bilan jihozlanib, 8-aprel kuni tizim sinov tariqasida ishga tushirildi. 23 kunlik sinov muvaffaqiyatli o‘tgach, 1-may sanasidan boshlab tizimni keng doirada, muntazam ishlatishga qaror qilindi.

“Avtomobil va daryo transportini rivojlantirishni normativ-texnik ta’minlash respublika markazi” davlat korxonasi AKT va AX bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari A.Tolaganovning aytishicha, loyiha doirasida 14 yo‘nalishda xizmat ko‘rsatuvchi 150 ta avtobus dasturlangan validator uskunalari bilan jihozlanib, tizimga ulangan. Ayni chog‘da 30 ming dona NFC (kontaktsiz tranzaktsiya) elektron to‘lov kartalari xarid qilinib, banklar va avtobus bekatlaridagi (bunday bekatlarga “autotrans” tanish belgilari yopishtirilgan) maxsus shoxobchalarda yo‘lovchilarga sotish, kelgusida ularni mablag‘ bilan to‘ldirish yo‘lga qo‘yildi. Ushbu shoxobchalarda kartalardagi hisobni to‘ldirish ham mumkin.

Kartochkadan foydalanish tartibi juda oddiy. Chiptachi kartani validatorga tekkizilganda avtomatik ravishda belgilangan tarif bo‘yicha yo‘l haqi yechib olinadi. To‘lovni tasdiqlash maqsadida sana, vaqt, yo‘nalish nomi, avtobus va karta raqami hamda qolgan mablag‘ haqida hisobotlar qayd etilgan chipta (chek) beriladi. To‘lov tasdig‘i sifatida avtobusdan tushgunga qadar chipta saqlanishi kerak bo‘ladi.

0141.jpg

– Yo‘l haqini naqd pulsiz amalga oshirilishi qator qulayliklarni yaratdi. Yo‘lovchi dastlab avtobekat yoki bank muassasalaridan 15 ming so‘mga (shundan 5 ming so‘mi yo‘lovchining hisobiga tushirib beriladi) karta sotib oladi. Keyinchalik naqd pul to‘lash yoki o‘zining bank plastik kartasidan onlayn tartibda pul tushirish orqali hisobni to‘ldirib borish imkoni mavjud. Kartalarning muddati ikki yil bo‘lib, respublika bo‘yicha xizmat ko‘rsatayotgan barcha jamoat avtobuslarida foydalanish imkonini beradi. Eng muhimi, bitta kartadan butun oila a’zolari foydalanishi mumkin. Yo‘l haqi shahar yo‘nalishlarida bir xil belgilangan, – deydi Agentlikning Andijon viloyat hududiy bo‘limi boshlig‘i M. Haydarov.

Yana bir yangiliklardan biri onlayn avtobus tablolari endi Andijonda ham o‘rnatila boshlandi. Shahar jamoat transportida elektron to‘lov tizimini va boshqa axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish doirasida bekatlarga avtobuslar harakat jadvalini onlayn kuzatish elektron tablolari o‘rnatilishi yo‘lovchilar uchun qo‘shimcha qulaylik bo‘ldi. Kezi kelganda shuni ham aytish kerakki, shaharda barcha avtobus bekatlari Toshkentdagi kabi shinam, oynavand qilib qaytadan qurilmoqda.

Tadbir Alisher Navoiy istirohat bog‘ida tashkil etilgan katta kontsert va xalq sayliga ulanib ketdi.
0006.jpg

0291.jpg

0282.jpg


Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech