Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
1 May 2017 | Manba: O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi Axborot xizmati 275

O’zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonuni hamda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2017-yilni “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari” yili deb e’lon qilganligi munosabati bilan O’zbekiston Avtomobil va daryo transporti agentligi boshlig‘i V.Ismoilovning joylarda sayyor qabullar o‘tkazish jadvali tasdiqlangan. Ushbu rejaga muvofiq Agentlik boshlig‘i 28-aprel kuni Jizzax viloyati hududida ro‘yxatdan o‘tgan yuk va yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan korxonalar vakillari bilan sayyor qabul o‘tkazdi.

11.JPG

Dastavval, Agentlikning Jizzax viloyat hududiy bo‘limi boshlig‘i I.Boqiev so‘zga chiqib, yig‘ilish qatnashchilarini 2017-yilda bajarilishi belgilangan vazifalar, rejalar hamda bugungi kungacha amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha savollar, takliflar bo‘lsa murojaat etishi mumkinligini bildirdi.

Shundan so‘ng, kun tartibidagi masalalar yuzasidan O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshlig‘i V.Ismoilov O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 10-yanvardagi “Aholiga transport xizmati ko‘rsatish hamda shahar va qishloqlarda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2724-sonli qarori to‘g‘risida gapirib, ushbu qarorning bugungi kunda tutgan o‘rni va ahamiyati, qaror asosida ochiladigan yangi yo‘nalishlar, sotib olinadigan yangi avtobuslar, yangi quriladigan va rekonstruksiya qilinadigan avtostantsiyalar va bu tadbirlarni amalga oshirish uchun tarmoq jadvallari ishlab chiqilganligi hamda Jizzax viloyatida 13 o‘rinli mikroavtobuslar ishlab chiqarilishi, ushbu mikroavtobuslarni respublikamiz hududlariga taqsimlanishi qarorda ko‘rsatilgan imtiyozlarni keng yoritib, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni muhokama qildi.

Bundan tashqari O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2017-yilni “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qilinishi munosabati bilan xalqimizga sifatli va qulay transport xizmati ko‘rsatishda birgalikda ish olib borilsa bu soha yanada rivojlanishi to‘g‘risida aytib o‘tdi.

10.JPG

Shahar yo‘lovchi tashish transportlarida naqd pulsiz to‘lovni hamda masofadan onlayn kuzatish GPS tizimini joriy qilish haqida gapirib, bugungi kunda bu tizim respublikamizning Farg‘ona, Andijon va Sirdaryo viloyatlarida test tariqasida sinovdan muvaffaqiyatli o‘tganligini, hamda yilning oxirigacha barcha viloyatlarni GPS onlayn tizim va naqd pulsiz elektron tizimiga o‘tkazish to‘g‘risida so‘z yuritdi. Ushbu tizimning qulayliklari va afzalliklari jumladan yoqilg‘i sarfi, qatnovlar orasidagi vaqt to‘g‘risida tashuvchilarning doimiy aniq ma’lumotga ega bo‘lishlari hamda naqd pulsiz elektron to‘lov tizimining qulayliklari, yo‘lovchilar va imtiyozli yo‘lovchilar to‘g‘risida to‘liq ma’lumot olish imkoniyatlari bo‘yicha tushuntirib o‘tdi.

Bugungi kunda tashuvchi korxonalarga qo‘yilgan talablar to‘g‘risida gapirib, aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish va aholi tomonidan tushayotgan e’tiroz va murojaatlarni o‘rganib, taxlil qilib faoliyat ko‘rsatish shartligini ta’kidladi.

Shuningdek, viloyatda yuk va yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanish uchun yer ajratilishida Agentlik tomonidan amaliy yordam berilishi, bu borada O’zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga xat yuborilganligi, ushbu ajratilgan yer maydonlarida qurilish ishlari o‘z vaqtida va namunaviy loyiha asosida qurilishi zarurligini ma’lum qildi.

Shundan so‘ng, O’zbekiston Avtomobil va daryo transporti agentligi boshlig‘i V.Ismoilov bilan tadbirkorlar o‘rtasida savol – javob tarzida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Jumladan, “Alo Prestij Servis” MChJ ta’sischisi G’.Mavlyanovning “Noqonuniy taksilarning haddan tashqari ko‘payib ketishi natijasida sariqqa bo‘yalgan yengil avtomobillar soni kamayib ketmoqda. Noqonuniy yengil taksilarni kamaytirishda amaliy yordam bershingizni so‘rayman” deb bergan savoliga Agentlik boshlig‘i bu muammo Respublikamiz hududida sodir etilayotgan dolzarb mavzu ekanligi, bunda 3 tomonlama qo‘shma reydlarni samarasiz ish olib borilayotganligi to‘g‘risida gapirib o‘tdi. Qisqa qilib aytganda 2017-yil 25-aprelda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 238-sonli qarori qabul qilindi. Ushbu qaror mohiyatida Agentlik o‘rnida transport inspektsiyasini tashkil etish, inspektsiyaga jami 520 ta xodim ajratilishi, shundan Jizzax viloyatiga 15-16 ta xodimlar ish bilan ta’minlanishi, xodimlar o‘z navbatida forma, jezda va xizmat avtomobillari bilan ta’minlanishi to‘g‘risida ma’lum qildi.

Avtotransport vositalariga beriladigan litsenziya va litsenziya varaqalarini Agentlikning hududiy bo‘limlariga berish to‘g‘risida taklifga 2017-yil 1-maydan boshlab shaharlararo litsenziya va litsenziya varaqalari Agentlikning viloyat bo‘limlari tomonidan rasmiylashtirilishi yo‘lga qo‘yilishini aytib o‘tdi.

“Salovat Trans Servis” MChJ rahbari A.Rustamov “Avtodaryotrans-Ilm” o‘quv markazida ish stajiga ega bo‘lgan mutaxassislarni har 3 yilda malaka oshirishlari shartmi degan savoliga “O’zavtodaryotrans-Ilm” kasb malakasini oshirish Davlat ilmiy-metodik markazida hozirgi kunda malaka oshirish 3 haftadan 2 haftaga qisqartirildi, attestatsiyadan o‘tish uchun hujjatlar o‘qish boshlangan kundan taqdim etilsa o‘qish yakunidan so‘ng attestatsiyaga kirishlariga ruxsat berilgan bu bilan tadbirkorlarga qulayliklar yaratildi.

Tadbir davomida V. Ismoilov tomonidan Agentlikning Jizzax hududiy bo‘limi boshlig‘i I.Boqievga O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 10-yanvardagi PQ-2724-son “Aholiga transport xizmati ko‘rsatish hamda shaharlar va qishloqlarda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ko‘rsatib o‘tilgan Jizzax viloyatida amalga oshiriladigan ishlarni o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash maqsadida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilishini hamda Jizzax viloyatidagi yuk va yo‘lovchi tashuvchi korxonalar rahbarlari bilan har oyda korxonalarning muammolarini o‘rganish yuzasidan yig‘ilishlar o‘tkazish topshirildi.

Agentlik boshlig‘i barcha savollarga batafsil javob berdi, qator masalalar shu yerning o‘zida hal etildi. Hududiy bo‘limning vakolatlari doirasida yechim topish mumkin bo‘lgan masalalar yuzasidan bo‘lim mutasaddilariga vazifalar topshirildi. Respublika miqyosidagi boshqa tashkilot va muassasalar yordamida xal etiladigan muammolarga doir barcha savollarni esa V. Ismoilov alohida belgilab olib, o‘rnatilgan tartibda ko‘maklashishga va’da berdi.

Qabul yakunida bu kabi uchrashuvlar kelgusida ham muntazam ravishda tashkil etilishi, shuningdek tashuvchilar o‘z muammo va takliflari yuzasidan O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining 202-22-55 raqamli “ishonch telefoni” va “Agentlik boshlig‘ining virtual qabulxonasi” Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilishlari mumkinligi yana bir karra eslatib o‘tildi.

Sayyor qabul so‘nggida Agentlik boshlig‘i V.Ismoilov barcha yig‘ilish qatnashchilariga kelgusi ishlariga omad, oilasiga tinchlik omonlik hamda sixat salomatlik tiladi.


Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech