Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

O’zbekiston Respublikasi ommaviy axborot vositalari vakillarini O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi huzurida akkreditatsiya qilish tartibi to‘g‘risida

NIZOM

I. Umumiy qoidalar

1. O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi faoliyatini o‘z vaqtida va xolisona yoritish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida O’zbekiston Respublikasi ommaviy axborot vositalari vakillari vakillik va Agentlik huzurida akkreditatsiya qilinadi.

2. Ommaviy axborot vositalarining akkreditatsiya qilingan vakillarining (keyingi o‘rinlarda «muxbirlar» deb ataladi) huquqiy maqomi va kasb faoliyati printsiplari O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida», «Axborot erkinligi printsiplari va kafolatlari to‘g‘risida»gi O’zbekiston Respublikasi qonunlari, mazkur Nizom hamda akkreditatsiya qiladigan organlarning nizomlari bilan belgilanadi.

II. Akkreditatsiya qilishning asosiy tushunchalari va printsiplari

3. Mazkur Nizomda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:

muxbir — mehnat shartnomalari va boshqa shartnomaviy munosabatlar asosida ommaviy axborot vositalari tahririyatlari uchun xabarlar va materiallarni qidirish, to‘plash, qayta ishlash va tayyorlash kasbi bilan shug‘ullanadigan jismoniy shaxs;

akkreditatsiya — muxbirning vakolatlarini Agentlik tomonidan e’tirof etish tartiboti bo‘lib, uning natijalariga ko‘ra akkreditatsiya qiladigan Agentlik akkreditatsiya qiladigan Agentlik faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritish uchun ommaviy axborot vositasi (keyingi o‘rinlarda «tahririyat» deb ataladi) vakilining o‘z sohasini bilishini tasdiqlovchi akkreditatsiya qilish to‘g‘risidagi guvohnomani beradi;

akkreditatsiya qiluvchi organ — akkreditatsiya tartibotini tashkil etadigan, akkreditatsiyani o‘tkazadigan vakillik va Agentlik.

4. Akkreditatsiya uni o‘tkazishga jalb etilgan mutaxassislarning o‘z ishini puxta bilishi va muxbirlarning mustaqilligi printsiplariga asoslanadi.

Akkreditatsiya ni o‘tkazishda o‘z ishini puxta bilish kadrlarni tegishli ravishda tanlash, akkreditatsiya tartibotida qatnashadigan ekspertlarni tayyorlash tizimi va, zaruriyat bo‘lganda, bilimlarning alohida sohalari bo‘yicha mutaxassislarni jalb etish yo‘li bilan ta’minlanadi.

Mustaqillik akkreditatsiya tartibotida akkreditatsiya to‘g‘risida qaror qabul qilinishiga biror-bir moliyaviy, ma’muriy yoki boshqacha ta’sir ko‘rsatishdan holi bo‘lgan tashkilotlar va ekspertlar, mutaxassislarning qatnashishi bilan ta’minlanadi.

5. Muxbirning akkreditatsiya qilinishida uning o‘z ishini puxta bilishini aniqlash mezoni akkreditatsiya qiladigan Agentlik va ommaviy axborot vositalari vakili faoliyatining o‘ziga xosligi hisobga olingan holda, mazkur Agentlikning normativ hujjatlari bilan belgilanadi.

6. Akkreditatsiya qiladigan Agentlik huzurida o‘z muxbirini akkreditatsiya qilish huquqiga rasmiy ravishda ro‘yxatdan o‘tkazilgan ommaviy axborot vositalari egadir.

III. Muxbirlarni akkreditatsiya qilish

7. Akkreditatsiya qiladigan Agentlik huzurida ommaviy axborot vositasi muxbirini akkreditatsiya qilish uchun tahririyat o‘zining rasmiy blankasida bosh muharririning imzosi qo‘yilgan, muhr bilan tasdiqlangan buyurtmanoma taqdim etadi.

8. Tahririyatning buyurtmanomasida quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:

ommaviy axborot vositasining nomi va turi;

ixtisoslashuvi;

tarqalish hududi;

elektron pochta manzili;

tahririyatning telefonlari va fakslari raqamlari;

akkreditatsiyaga taqdim etilgan muxbirning familiyasi, ismi va otasining ismi;

kasb vazifalarini bajarish uchun ushbu muxbir o‘zi bilan birga olib yurishi zarur bo‘lgan apparatlar.

Buyurtmanomaga batafsil ma’lumotlar (muxbirning xizmat mavqei, pasportiga oid ma’lumotlar, diplomi nusxasi, elektron pochta manzili, telefon va faks raqami) mavjud bo‘lgan ma’lumotnoma hamda belgilangan shakldagi to‘rtta fotosurat ilova qilinadi.

9. Muxbirni akkreditatsiya qilish to‘g‘risidagi buyurtmanoma akkreditatsiya Agentlik tomonidan tegishli murojaat olingan kundan boshlab bir oy mobaynida ko‘rib chiqiladi.

10. Akkreditatsiya qilinadigan muxbirlar soni tahririyat tomonidan akkreditatsiya qiluvchi Agentlik bilan birgalikda belgilanadi.

11. Akkreditatsiya tartiboti quyidagi asosiy tadbirlardan iborat bo‘ladi:

buyurtmanomani va taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqish;

muxbirlarni attestatsiyadan o‘tkazish;

akkreditatsiya qilish to‘g‘risida yoki akkreditatsiya qilishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilish, akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomani rasmiylashtirish va berish.

12. Ommaviy axborot vositasi tahririyati tomonidan taqdim etilgan buyurtmanomalar va hujjatlarni ko‘rib chiqishni akkreditatsiya qiluvchi Agentlik tuzadigan ekspert guruhi amalga oshiradi. Hujjatlarni ko‘rib chiqish natijalari ariza tushgan paytdan boshlab o‘n kun muddatda ekspert xulosasi bilan rasmiylashtiriladi.

13. Attestatsiyani akkreditatsiya qiluvchi Agentlik tomonidan rasmiy ravishda tuziladigan komissiya o‘tkazadi. Komissiya tarkibi va attestatsiyani o‘tkazish muddatlari tahririyat bilan kelishilishi kerak. Tahririyat komissiyaning ayrim a’zolari ishtirok etishi va attestatsiya o‘tkazilishi muddatlari yuzasidan e’tiroz sabablarini asoslagan holda taklif bildirishga haqlidir.

Komissiya attestatsiyani akkreditatsiya qiluvchi Agentlik tasdiqlagan dasturga muvofiq o‘tkazadi. Muxbirning kasbiy sifatlari va layoqatini tavsiflash bo‘yicha taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqish natijalari to‘g‘risidagi ekspert xulosasi, shuningdek ekspertiza va attestatsiya jarayonida olingan boshqa axborotlar attestatsiya komissiyasining qaror qabul qilishi uchun asos hisoblanadi. Attestatsiya natijalari attestatsiya dalolatnomasi bilan rasmiylashtiriladi.

14. Akkreditatsiya qiluvchi Agentlik attestatsiya dalolatnomasini ko‘rib chiqish natijalari asosida muxbirni akkreditatsiya qilish yoki akkreditatsiya qilishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Ommaviy axborot vositalari muxbirlarini akkreditatsiya qilish to‘g‘risidagi buyurtmanoma mazkur Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxemaga binoan ko‘rib chiqiladi.

15. Ijobiy qaror chiqarilgan taqdirda akkreditatsiya qiluvchi Agentlik qaror qabul qilingandan keyin bir hafta muddatda mazkur Nizomga 2-ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha O’zbekiston Respublikasi ommaviy axborot vositasi muxbirini akkreditatsiya qilish to‘g‘risidagi guvohnomani rasmiylashtiradi va beradi.

16. Akkreditatsiya qiluvchi Agentlik akkreditatsiya qilingan muxbirga 2 yilgacha muddatda amal qiladigan akkreditatsiya to‘g‘risida guvohnoma beradi.

Akkreditatsiya qilish to‘g‘risidagi guvohnoma akkreditatsiya qiluvchi Agentlik reestrida ro‘yxatdan o‘tkazilgan sanadan boshlab amal qiladi.

17. Akkreditatsiyaga taalluqli barcha hujjatlar (buyurtmanomalar, qarorlar, dalolatnomalar, akkreditatsiya qilish to‘g‘risidagi guvohnoma va shu kabilar) davlat tilida rasmiylashtiriladi.

18. Akkreditatsiya qiluvchi Agentlik O’zbekiston Respublikasining tegishli qonunlari yoki mazkur Nizom asosida jurnalistni akkreditatsiya qilishni rad etishi mumkin. Akkreditatsiya qiluvchi Agentlik bunday qarorning sabablari to‘g‘risida uch kun muddatda ommaviy axborot vositasi tahririyatini yozma shaklda xabardor qiladi.

19. Zarur hollarda Agentlik huzurida vaqtinchalik yoxud doimiy muxbirlik punktlari tashkil etilishi mumkin.

IV. Akkreditatsiya qilingan muxbirlarning asosiy huquqlari va majburiyatlari

20. Akkreditatsiya qilingan muxbirlar kasb faoliyati davrida O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan huquqlardan foydalanadilar va majburiyatlarni bajaradilar.

Muxbirni akkreditatsiya qilgan Agentlik uni majlislar, kengashlar va boshqa tadbirlar to‘g‘risida oldindan xabardor qiladi, stenogrammalar, protokollar va boshqa hujjatlar bilan ta’minlaydi.

21. Akkreditatsiya muxbirning rasmiy shaxslar tashriflari davridagi tadbirlarda bevosita qatnashishini kafolatlamaydi. O’zbekiston Respublikasining yoki xorijiy davlatlarning rasmiy shaxslari tashriflari vaqtida muxbirlarni maxsus akkreditatsiya qilish tartibi qonun hujjatlari, shuningdek ushbu tadbirni tayyorlash va o‘tkazish uchun mas’ul xizmatlar talablariga binoan belgilanadi.

22. Akkreditatsiya qilingan muxbir quyidagi huquqlarga ega:

bo‘lajak majlislar, kengashlar va boshqa tadbirlar to‘g‘risida oldindan axborot olish;

akkreditatsiya qilgan Agentlikning binolari (xonalari) va ob’ektlariga tegishli guvohnoma (ruxsatnoma) asosida, Agentlik tomonidan belgilangan tartibda kirish;

uni akkreditatsiya qilgan Agentlik tomonidan o‘tkaziladigan majlislar, yig‘ilishlar, brifinglar (matbuot konferentsiyalari) va boshqa tadbirlarda qatnashish, yopiq tadbir o‘tkazilishi to‘g‘risida qaror qabul qilingan hollar bundan mustasno;

akkreditatsiya qilgan Agentlikning mas’ul shaxslaridan zarur hujjatlar va materiallarni so‘rash va olish, kirish erkin bo‘lgan tadbirlarning yozuvlari bilan tanishish va ulardan nusxa olish;

yozuvlardan, matnli materiallar tayyorlashda, akkreditatsiya qilingan ommaviy axborot vositalarining tele-, radiodasturlarida foydalanish;

audio-, video- yoki kinosuratga olish, ovoz yozish uchun zarur bo‘lgan texnik apparatlardan, shuningdek kompyuter texnikasi vositalaridan faqat akkreditatsiya qilgan Agentlikning faoliyatini yoritish maqsadlarida foydalanish.

23. Akkreditatsiya qilingan muxbir quyidagilarga majbur:

akkreditatsiya qilgan Agentlikning binosida bo‘lishda uning ichki tartib-qoidalariga va ishlarini tashkil etish talablariga rioya qilish;

o‘zi ishtirok etayotgan tadbirlarning o‘tkazilishiga aralashmaslik (agar tadbir matbuot uchun maxsus tashkil etilmagan bo‘lsa);

akkreditatsiya qilgan Agentlikning faoliyati to‘g‘risida xolisona axborot berish;

maxsus tadbirlarni o‘tkazish qoidalariga rioya qilish;

Agentlikning faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa talablarni bajarish.

V. Muxbirning akkreditatsiyasini to‘xtatish va uni akkreditatsiyadan mahrum qilish tartibi

24. Quyidagilar akkreditatsiyaning to‘xtatilishi uchun asos hisoblanadi:

muxbirning tahririyatdan ishdan bo‘shatilishi (ushbu holda tahririyat boshqa vakilni akkreditatsiya qilish to‘g‘risidagi ariza bilan akkreditatsiya qiluvchi Agentlikga murojaat qilishga haqlidir);

muxbir vakili bo‘lgan ommaviy axborot vositasi faoliyatining to‘xtatilishi;

tahririyat rahbariyati tomonidan muxbirni akkreditatsiya qilgan Agentlikning faoliyatini yoritishdan chetlatish to‘g‘risida qaror qabul qilinishi (rasmiy bildirishnoma asosida).

25. Muxbir:

o‘zi taklif etilgan tadbirlar o‘tkazilishi tartibiga aralashganda;

amaldagi qonun hujjatlarini va mazkur Nizomni muntazam ravishda buzganda akkreditatsiyadan mahrum etilishi mumkin.

26. Muxbirni akkreditatsiyadan mahrum etish to‘g‘risidagi qaror akkreditatsiya qilgan Agentlik tomonidan qabul qilinadi. Qaror asoslangan, yozma shaklda rasmiylashtirilgan, ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari bilan dalillangan bo‘lishi kerak.

Akkreditatsiya qilgan Agentlik akkreditatsiyadan mahrum qilingan muxbirning tahririyatiga qaror qabul qilingan vaqtdan boshlab besh kun muddatdan kechikmay rasmiy bildirishnoma yuboradi. Bunday qaror kuchga kirgan vaqtdan boshlab akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnoma haqiqiy emas deb hisoblanadi va u tahririyat tomonidan akkreditatsiya qilgan Agentlikga qaytarilishi kerak.

VI. Yangi muddatga akkreditatsiya qilish

27. Akkreditatsiya qilingan muxbirni yangi muddatga akkreditatsiya qilish akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilish muddati tugagandan keyin tahririyat tomonidan taqdim etilgan buyurtmanoma asosida o‘tkaziladi.

28. Tahririyat akkreditatsiya qiluvchi Agentlikka akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilish muddati tugashidan bir oy oldin buyurtmanoma berishi kerak.

Yangi muddatga akkreditatsiya qilish akkreditatsiya qilingan muxbirning oldingi akkreditatsiyasi davridagi benuqson faoliyatini hisobga olgan holda soddalashtirilgan tartibot bo‘yicha amalga oshirilishi mumkin.

VII. Texnik xodimlar va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar

29. Tarjimonlar, teleoperatorlar, fotomuxbirlar, tele-, kino- va videoapparatlarga, aloqa vositalariga xizmat ko‘rsatuvchi mutaxassislar tahririyatning muxbirlarga biriktirilgan texnik xodimlari bo‘lishi mumkin.

30. Akkreditatsiya qilingan muxbirlar texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarni ishga yollashi mumkin.

Jalb etiladigan texnik xodimlarning shaxsiy tarkibi akkreditatsiya qiluvchi Agentlik bilan kelishiladi. Ularga o‘z faoliyatini amalga oshirishlari uchun akkreditatsiya qiluvchi Agentlik tomonidan tegishli guvohnoma beriladi.

31.Akkreditatsiya qilingan muxbirning texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlariga jurnalistlik faoliyati bilan shug‘ullanish taqiqlanadi.

VIII. Yakunlovchi qoidalar

32. Agentliklar huzuridagi akkreditatsiyani amalga oshirish tartibi bilan bog‘liq nizoli masalalar paydo bo‘lgan taqdirda manfaatdor tomon qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ular yuzasidan sudga shikoyat qilishi mumkin.

33. Akkreditatsiya qiluvchi Agentlik va ommaviy axborot vositalarining muxbirlari mazkur Nizom hamda ommaviy axborot vositalari sohasidagi qonun hujjatlari talablariga rioya qilinishi uchun javob beradilar.

Ommaviy axborot vositalari muxbirlarini akkreditatsiya qilish sxemasi

Muxbirni davlat hokimiyati organi huzurida akkreditatsiya qilish to‘g‘risida 

GUVOHNOMA Yuklab olish (12.6 Kb)

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech